“O‘zbekiston va Polshada oliy ta’limni rivojlantirish strategiyalari” forumi bo’yicha qisqacha ma’lumot

716

Joriy yilning 26-aprel kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida O‘zbekiston Respublikasi va Polsha Respublikasi oliy ta’lim muassasalari rektorlari konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Tadbir “O‘zbekiston va Polshada oliy ta’limni rivojlantirish strategiyalari” mavzusiga bag‘ishlangan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-oktabrdagi “O‘zbekiston respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PF-5847-sonli hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-fevraldagi “2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini «Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi PF-27-sonli Farmonlarida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan tashkil etildi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan o‘tkazilayotgan, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida tashkil etilgan konferensiyada O‘zbekiston tomonidan 30 dan ortiq va Polsha tomonidan 20 dan ziyod oliy ta’lim muassasalari rektorlari va tashkilotlar vakillari hususan, Taʼlim va fan vaziri Pshemislav Charnek, elchi Radoslav Gruk, oliy taʼlim muassasalari rektorlar Kengashi prezidenti Arkadius Mezyuk maʼruza bilan qatnashdi. Konferensiya mavzusi doirasida  ma’ruzalar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Konferensiyani mezbon sifatida, O‘zbekiston oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Komiljon Karimov ochib berdi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi oliy taʼlim sohasida olib borilayotgan hamkorlik jadal rivojlanayotgani taʼkidlandi

So‘zga chiqqanlar anjumanni o‘tkazishdan maqsad ikki mamlakat o‘rtasidagi ijtimoiy-siyosiy, madaniy-gumanitar aloqalar, oliy va professional taʼlim, fan hamda innovatsiyalar yo‘nalishlaridagi munosabatlarni chuqurlashtirishni ishonchli asoslantirish, xususan, talabalar mobilligi dasturlari va akademik almashinuvlarni rivojlantirish, axborot texnologiyalari hamda innovatsiyalar sohasida erishilgan yutuqlarni o‘zaro o‘rtoqlashish, ilmiy aloqalarni mustahkamlashdan iborat ekanligini qayd etishdi

Maʼruzalarda Polshaning yetakchi universitetlari tajribasi asosida O‘zbekiston oliygohlarida kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan maqsadlarga erishish bo‘yicha ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqish, xalqaro va milliy ekspertlarning ilmiy g‘oyalar hamda ilmiy-amaliy tajriba almashinuvi platformasini yaratish hamda erishilgan natijalarni keng jamoatchilikka tarqatish kabi masalalar o‘rin oldi. Konferensiya ikki seksiyadan iborat bo‘lib, ularda O‘zbekiston va Polsha oliy taʼlim muassasalari o‘rtasida hamkorlik platformalarini yo‘lga qo‘yish masalalariga bag‘ishlandi.

So’nggi yillarda Polsha ta’lim tizimi yuqori sifatli ta’lim berishi va Polsha universitetlarida o’qish o’ziga xos xususiyatlarga ega ekanligi barchamizga ma’lum.  Shu bois, mazkur koferentsiyaning maqsadi ham mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ijtimoiy-siyosiy, madaniy-gumanitar aloqalar, turli talim yo‘nalishlaridagi munosabatlarni ishonchli asoslantirish, fan, talim, yuqori texnologiyalar va innovatsiyalar sohasida erishilgan yutuqlarni o‘zaro o‘rtoqlashishdan iborat. “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan mazkur konferensiyani o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad ikki davlat universitetlari o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, talabalar mobilligi dasturlari va akademik almashinuvlarni rivojlantirish, Polsha va O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari bilan samarali hamkorlik qilish va undagi muhim to‘siqlarni bartaraf etish, umumiy yondashuvlarni ishlab chiqishga ko‘maklashish, qolaversa, Polsha va O‘zbekiston o‘rtasidagi ilmiy aloqalarni mustahkamlashdan iborat. Shu bilan birga, ikki davlat o‘rtasidagi yetakchi universitetlarda kadrlar tayyorlash sifatini oshirish va mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash, Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan maqsadlarga erishish bo‘yicha ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqish, xalqaro va milliy ekspertlarning ilmiy g‘oyalar hamda ilmiy-amaliy tajriba almashinuvi platformasini yaratish hamda erishilgan natijalarni keng jamoatchilikka tarqatishni o‘z ichiga oladi.