Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida 2023 yil 16-noyabr kuni “Iqtisodiyotni barqaror rivojlantirishda sug‘urtaning roli: tendentsiyalar, muammolar va yechimlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkaziladi.

438

Maʼlumki, sug‘urta sohasi dunyoning rivojlangan mamlakatlarida iqtisodiyotning ajralmas va yetakchi tarmog‘i sifatida amal qilmoqda. Sug`urta xizmatlari iqtisodiyot subʼektlarining barqarorligini taʼminlash bilan birga mazkur sohalarni uzoq muddatli investitsiya mablagʼlari bilan taʼminlashda asosiy manba bo‘lib xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, davlat o‘z fuqarolarining ijtimoiy himoyasini sug‘urta vositasida taʼminlaydi. Dunyo miqyosida globallashuv jarayonlarining kuchayib borishi, mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, turizm va boshqa sohalarda munosabatlarning kengayib borayotganligi sug‘urta xizmatlariga bo‘lgan ehtiyojni yanada oshirmoqda. Аyni vaqtda O‘zbekistonning global munosabatlarga tobora kirib borayotganligi mamlakatda sug‘urta sohasini talab darajasida rivojlantirish zaruratini keltirib chiqarmoqda. Аmmo hozirga qadar mamlakatda sug‘urta sohasi bilan bogʼliq muammolar yetarli bo‘lib, bu esa ushbu sohani ilmiy asosda o‘rganish va tadqiq qilishni taqozo etadi. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti tomonidan 2023 yilning 16-noyabr kunida tashkil etilayotgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada sug‘urta sohasidagi mavjud muammolarga ilmiy asoslangan yechimlar topishda muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi. 

Konferensiyada muhokama qilinadigan mavzular yo‘nalishlari (sho‘balar):

1-sho‘ba. Sug‘urta faoliyatini barqaror rivojlantirish: fan va taʼlimda innovatsiyalar.

2-sho‘ba. Sug‘urta kompaniyalari moliyasi, buxgalteriya hisobi va investitsion faoliyatni tashkil qilish 

3-sho‘ba. Sug‘urta xizmatlarini raqamlashtirish va zamonaviy risklarni sug‘urtalash masalalari

4-sho‘ba. Sug‘urtada moliyaviy texnologiyalardan foydalanish tendentsiyalari va rivojlangan davlatlar tajribalari.

Mazkur konferensiyada ishtirok etishni xohlagan professor-o‘qituvchilar, yosh olimlar, tadqiqotchilar va iqtidorli talabalar 2023-yil 1-noyabr sanasiga qadar maqola va tezislarni yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zbek, rus va ingliz tillarida taqdim etishlari mumkin. Tashkiliy qo‘mita tomonidan ma’qullangan talab darajasida yozilgan maqolalar “Aktuar moliya va buxgalteriya hisobi” ilmiy elektron jurnali va “O‘zbekistonda sug‘urta bozori” ilmiy jurnallarida maxsus son sifatida chop etiladi.

Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ishida yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari, sug‘urta kompaniyasi xodimlari, respublikamiz OTM va ilmiy tadqiqot muassasalarining professor-o‘qituvchilari, mutaxassislari, ilmiy xodimlari, izlanuvchilari hamda iqtidorli talabalari qatnashishlari mumkin.

Taqdim etilgan maqola va tezislar mazmuni belgilangan talablarga mos kelgan taqdirda tashkiliy qo‘mitaning qaroriga binoan tanlov asosida “Aktuar moliya va buxgalteriya hisobi” ilmiy elektron jurnali va “O‘zbekistonda sug‘urta bozori” ilmiy jurnallarida hamda konferensiya to‘plamiga kiritiladi. Konferensiya to‘plami OTM rasmiy saytida (www.tsue.uz) e’lon qilinadi.